
Founderning vaqti ham, mehnati ham qadrli.
Men Olamgir Rajabboevman. Camvi.uz’ni rivojlantiryapman, endi uni Amerika bozori uchun pivot qilyapman. FounderAss shu yo‘lda o‘zimga kerak bo‘lgan yordamchidan boshlandi.
O‘zbekistondan Amerika bozorigaMen ham shu yo‘ldaman.
Camvi.uz — O‘zbekistonda jadal rivojlanayotgan inklyuziv startaplardan biri. Biz kompyuter ko‘rishi texnologiyasi bilan bizneslarga kundalik jarayonlarini tushunish va boshqarishda yordam beramiz. Mahsulot, jamoa va mijozlar bilan ishlash founderning qancha vaqti va e’tiborini olishini yaxshi bilaman.
Hozir Camvi’ni Amerika bozoriga moslashtirish ustida ishlayapman. Yangi bozorga kirish mahsulotni ko‘chirish bilan tugamaydi: kimga foyda berayotganingni qayta o‘rganish, yechimni sinash va to‘g‘ri hamkorlarni topish kerak. Men bu jarayonni o‘zim bosib o‘tyapman.
Founder sifatida nimani his qildim?
O‘z startapim uchun investor izlay boshlaganimda ishlarimga yana bir katta vazifa qo‘shildi. Qaysi fond bizga mos? Kim qaysi bosqichga sarmoya kiritadi? Qanday hujjat kerak? Kimga yozdim, kim javob berdi, keyingi qadam nima? Ma’lumotlar va yozishmalarni bir joyda ushlab turishning o‘zi alohida ishga aylandi.
Shu yo‘ldagi ayrim uchrashuvlarda mehnatim va tajribam hali tushunilmasdan turib, men haqimda xulosa chiqarilayotganini his qildim. Bu menga og‘ir botdi. Men suhbatga o‘z mahsuloti, mas’uliyati va rejalari bor tadbirkor sifatida kirgandim. Har qanday hamkorlikning boshlanishida insonni tinglash va uning qilgan ishini tushunishga urinish bo‘lishini xohlayman.
Bu tajriba menga tayyorgarlik va tanlovning qadrini yanada aniqroq ko‘rsatdi. Founder o‘ziga mos imkoniyatlarni ko‘ra olishi, nima uchun aynan shu hamkor bilan gaplashayotganini bilishi va vaqtini ongli ravishda sarflashi kerak.
Avval o‘zim uchun. Keyin hammamiz uchun.
FounderAss’ni avval o‘z ishlarimni tartibga solish uchun yaratdim. Investorlarni o‘rganish, saralash, startup ma’lumotlari va hujjatlarni tayyorlash, yozishmalar hamda keyingi qadamlarni kuzatish bir joyda bo‘lishini istadim. Har bir yangi murojaatda hammasini boshidan yig‘ib chiqishga vaqt ketmasin dedim.
Keyin bu qiyinchiliklar faqat menga tegishli emasligini tushundim. Boshqa founderlar ham mahsulotini rivojlantirish bilan birga shu ishlarni bajaradi. O‘zim uchun qurayotgan yordamchim ularning ham vaqtini tejashi mumkin edi. Shuning uchun FounderAss’ni ommaga ochishga qaror qildim.
Men founderga kundalik ishida foydasi tegadigan mahsulot qurmoqchiman: bugun nima qilish kerakligini ko‘rsin, imkoniyatlarini tushunsin, uchrashuvga tayyor borsin, hech bir muhim javob yoki vazifa yo‘qolib qolmasin. Shunda uning ko‘proq vaqti mahsulotiga, jamoasiga va mijozlariga qoladi.
Men hamon o‘z startapini rivojlantirayotgan founderman. FounderAss’ni ham shu nuqtadan quryapman. Unda sizga nima yetishmayotgan bo‘lsa, yozing. Bu mahsulot haqiqiy founderlarning ishiga qarab yaxshilanib borishini istayman.
Hurmat
Har bir founderning ortida mehnat, tajriba va mas’uliyat bor.
Tayyorgarlik
Ma’lumot, hujjat va keyingi qadamlar bir joyda.
Tanlov
Imkoniyatlarni tushunib, mos hamkorni tanlash.